OʻRTA OSIYODAGI YAGONA “PORTO-FRANCO” NAVOIY XALQARO AEROPORTIDA
Nashr qilingan sana
Navoiy xalqaro aeroportida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan “Porto-Franco” erkin bojxona hududining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-fevraldagi PQ–50-son qarori doirasida Navoiy xalqaro aeroportining faoliyati samaradorligini oshirish, uning transport-logistika salohiyatidan yanada keng foydalanish hamda xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Yangi hudud orqali tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish va saqlash, ularni qayta ishlash, import, eksport va tranzit operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratiladi. Bu esa yuklarning aeroportda ortiqcha vaqt va xarajatlarsiz rasmiylashtirilishi hamda keyingi manzilga tezkor yo‘naltirilishiga xizmat qiladi.
Ochilish marosimida Navoiy xalqaro aeroporti MChJ direktori Alisher Klichev, Bojxona qo‘mitasi vakillari, hamkor tashkilotlar hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Aeroportda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari ham kengaymoqda. Jumladan, ACU — Air Conditioning Unit maxsus qurilmasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur uskuna havo kemasi yerda turgan vaqtda uning saloniga sovutilgan yoki isitilgan havo yetkazib beradi. Bu yo‘lovchilar va ekipaj uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, havo kemalariga yer usti xizmatlarini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
“Porto-Franco” va yangi texnik imkoniyatlar — Navoiy xalqaro aeroportining zamonaviy xalqaro logistika markazi sifatidagi salohiyatini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
.webp&w=3840&q=75)