Navoi International Airport
Yangiliklar

NAVOIY XALQARO AEROPORTI — Xalqaro Sammit maydonida

Nashr qilingan sana

Barcha yangiliklar

Toshkent shahridagi Swissotel mehmonxonasida 30-sentyabr — 1-oktyabr kunlari Markaziy Osiyoda havo yuk tashish va aviatsiya-logistika sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan Central Asia Air Cargo Summit #3 xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi.

Nufuzli xalqaro tadbirda aviakompaniyalar, aeroportlar, logistika va ekspeditorlik kompaniyalari, yuk tashish operatorlari, xalqaro ekspertlar hamda biznes vakillaridan iborat 300 dan ortiq kompaniya va soha vakillari ishtirok etdi.

Sammitning asosiy maqsadi - Markaziy Osiyoning xalqaro havo yuk tashish tizimidagi salohiyatini oshirish, yangi logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, xalqaro yuk oqimlarini ko‘paytirish hamda mintaqani global transport-logistika zanjirlariga yanada faol integratsiya qilish masalalarini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida havo yuk tashish bozorining rivojlanish tendensiyalari, yangi xalqaro yo‘nalishlar, yuk tashish infratuzilmasini rivojlantirish, logistika jarayonlarini raqamlashtirish, bojxona va tranzit jarayonlarini takomillashtirish, multimodal tashuvlarni kengaytirish hamda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Sammitda Navoiy xalqaro aeroporti direktori Alisher Kilichev boshchiligidagi delegatsiya faol ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Navoiy xalqaro aeroportining yuk tashish va logistika imkoniyatlari, xalqaro tranzit salohiyati, strategik geografik joylashuvi, mavjud infratuzilmasi hamda istiqboldagi loyihalari xalqaro hamkorlarga taqdim etildi.

Aeroport vakillari aviakompaniyalar, logistika operatorlari, yuk tashish va ekspeditorlik kompaniyalari hamda potensial hamkorlar bilan qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqotlarda yangi yuk yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro yuk oqimlarini Navoiy orqali yo‘naltirish, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, logistika xizmatlarini rivojlantirish va yangi biznes hamkorliklarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Central Asia Air Cargo Summit #3 Navoiy xalqaro aeroporti uchun xalqaro aviatsiya va logistika bozorining yetakchi ishtirokchilari bilan bevosita muloqot qilish, yangi hamkorlarni jalb etish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Navoiy xalqaro aeroportining xalqaro sammitdagi ishtiroki aeroportning Markaziy Osiyodagi muhim havo yuk tashish va multimodal logistika markazlaridan biriga aylanish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Navoiy xalqaro aeroporti
Axborot xizmati