Navoi International Airport
Yangiliklar

NAVOIY XALQARO AEROPORTI — MARKAZIY OSIYO HAVO YUK TASHISH BOZORINING XALQARO MULOQOT MAYDONIDA

Nashr qilingan sana

Barcha yangiliklar

NAVOIY XALQARO AEROPORTI — MARKAZIY OSIYO HAVO YUK TASHISH BOZORINING XALQARO MULOQOT MAYDONIDA

Toshkent shahridagi Swissôtel Tashkent mehmonxonasida 30-sentyabr — 1-oktyabr kunlari Central Asia Air Cargo Summit #3 xalqaro sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Markaziy Osiyoda havo yuk tashish va aviatsiya-logistika sohasining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan mazkur nufuzli tadbir sohaning yetakchi vakillari — aviakompaniyalar, aeroportlar, logistika va ekspeditorlik kompaniyalari, yuk tashish operatorlari, xalqaro ekspertlar hamda biznes hamkorlarni bir maydonga jamladi.

Sammitda 300 dan ortiq kompaniya va soha vakillari ishtirok etmoqda.

ASOSIY E’TIBOR — HAVO YUK TASHISH VA LOGISTIKA SALOHIYATINI KENGAYTIRISH

Central Asia Air Cargo Summitning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyoning xalqaro havo yuk tashish tizimidagi salohiyatini yanada oshirish, yangi logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, xalqaro yuk oqimlarini ko‘paytirish hamda mintaqani global transport-logistika zanjirlariga yanada faol integratsiya qilishdan iborat.

Ikki kun davomida havo yuk tashish bozorining rivojlanish tendensiyalari, yangi xalqaro yo‘nalishlarni ochish, yuk tashish infratuzilmasini takomillashtirish, logistika jarayonlarini raqamlashtirish, bojxona va tranzit jarayonlarini soddalashtirish, multimodal tashuvlarni rivojlantirish hamda aviatsiya va logistika kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda.

Sammitning muhim jihatlaridan biri — soha vakillari o‘rtasida bevosita biznes muloqotlari, B2B uchrashuvlar va yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun yaratilayotgan imkoniyatlardir. Bu esa istiqbolli loyihalar, yangi yuk yo‘nalishlari va uzoq muddatli hamkorliklarni shakllantirish uchun muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

NAVOIY XALQARO AEROPORTI — MUHIM MUZOKARALAR MAYDONIDA

Sammitda Navoiy xalqaro aeroporti direktori Alisher Qilichov boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida Navoiy xalqaro aeroportining yuk tashish va logistika imkoniyatlari, xalqaro tranzit salohiyati, strategik geografik joylashuvi, mavjud infratuzilmasi hamda istiqboldagi loyihalari xalqaro hamkorlarga taqdim etilmoqda.

Aeroport vakillari aviakompaniyalar, logistika operatorlari, yuk tashish va ekspeditorlik kompaniyalari hamda potensial hamkorlar bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.

Muloqotlar davomida yangi yuk yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro yuk oqimlarini Navoiy orqali yo‘naltirish, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, logistika xizmatlarini rivojlantirish va yangi biznes hamkorliklarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

NAVOIY — XALQARO LOGISTIKA XABI SARI

Navoiy xalqaro aeroportining strategik geografik joylashuvi Markaziy Osiyo, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk oqimlarini bog‘lash uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

Ayni paytda aeroportda yuk tashish infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro tranzit imkoniyatlarini kengaytirish hamda havo transportini boshqa transport turlari bilan integratsiya qilish yo‘nalishlarida izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Central Asia Air Cargo Summit Navoiy xalqaro aeroporti uchun xalqaro aviatsiya va logistika bozorining asosiy ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlarni jalb etish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish imkonini beruvchi muhim xalqaro platformadir.

Sammit doirasidagi muzokaralar yangi yuk yo‘nalishlarini ochish, xalqaro yuk oqimlarini oshirish, logistika operatorlari bilan hamkorlikni kengaytirish va Navoiy xalqaro aeroportining mintaqaviy transport-logistika tizimidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bugungi xalqaro muloqot Navoiy xalqaro aeroporti uchun nafaqat tajriba almashish, balki yangi imkoniyatlarni izlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va aniq biznes loyihalarini shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.


🛫Navoiy xalqaro aeroporti
Axborot xizmati